
“Eng yaxshi erkak roli uchun” nominatsiyasi g‘olibi Nozim To‘laxo‘jayev.
Yoshlar ijod saroyida “Art Week Style.Uz – 2011” san’at haftaligi doirasida o‘tkazilgan “Oltin gepard” birinchi xalqaro Toshkent kinoforumi g‘oliblariga sovrinlarni tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Shu munosabat bilan mazkur muhtasham saroyga yurtimiz va xorijiy davlatlarning kino arboblari, taniqli rejissorlar, madaniyat va san’at namoyandalari, prodyuserlar, jamoatchilik vakillari taklif etildi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yoshlarni yuksak ma’naviy-axloqiy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ular qalbi va ongiga ezgu g‘oyalarni singdirish jarayonida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarda milliy madaniyatimiz va san’atimizni izchil ravnaq toptirish, uning o‘ziga xos maktab va an’analarini rivojlantirish masalasiga ustuvor vazifa sifatida e’tibor qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2004 yil 16 martda qabul qilingan “Kinematografiya sohasida boshqarishni takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni milliy kinematografiyani rivojlantirishda muhim omil bo‘lmoqda. Ushbu hujjatga binoan yurtimizda erkin demokratik jamiyat barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan o‘zgarish va yutuqlarni, milliy istiqlol g‘oyasining mazmun-mohiyatini kino san’ati vositasida badiiy aks ettirish, kinematografiya sohasining xalqimiz hayotidagi, ayniqsa, navqiron avlod tarbiyasidagi o‘rni va ahamiyatini kuchaytirish, g‘oyaviy-badiiy saviyasini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
“O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi” jamg‘armasi “O‘zbekkino” Milliy agentligi bilan hamkorlikda milliy kino san’atimizni yanada ravnaq toptirish, uning eng yaxshi yutuq va yangiliklarini targ‘ib va tashviq etish, ijodkorlar mehnatini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishga oid bir qator ijodiy loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda. Jahonning taniqli kino yulduzlari bilan ijodiy uchrashuvlar, musiqiy kechalar, yosh kinoijodkorlar uchun mahorat saboqlari, festival va ko‘rik-tanlovlar o‘zbek va jahon kino san’atining eng yaxshi an’analarini ommalashtirish, ijodkorlar o‘rtasidagi o‘zaro muloqotni kengaytirish va hamkorlikni mustahkamlashdek ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.
“Art Week Style.Uz – 2011” san’at haftaligi doirasida tashkil etilgan “Oltin gepard” birinchi Toshkent xalqaro kinoforumi tomoshabinlarga zamonaviy kinematografiya olamidagi e’tiborli jarayonlarni kuzatish, jahon kinematograflarining eng sara asarlari bilan tanishish, o‘zbek san’atining taraqqiyot bosqichlari, bugungi kuni haqida keng ma’lumot berishda alohida ahamiyat kasb etdi.
“XXI asr tamadduni: madaniyatlar muloqoti” shiori ostida o‘tkazilgan kinoforumda Xitoy, AQSH, Argentina, Janubiy Koreya, Germaniya, Ruminiya, Fransiya, Belgiya, Bolgariya, Ozarboyjon, Belarus, Vengriya, Armaniston, Rossiya, Eron singari ko‘plab mamlakatlarning filmlari tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi.
“Inson taqdiri – tuyg‘ular falsafasi” g‘oyasini o‘zida mujassam etgan mazkur kinoforum davomida yangi filmlar premyerasi, taqdimot marosimlari, ijodiy uchrashuv va anjumanlar bo‘lib o‘tdi. Jahonning mashhur kinorejissorlari, prodyuserlar, ssenariynavislar, aktyorlar va san’atshunoslar, tanqidchilar ishtirokidagi davra suhbatlari, mahorat saboqlari jahon kino san’atining rivojlanish tamoyillari va yo‘llarini atroflicha muhokama etishda alohida ahamiyat kasb etdi. Ayni paytda “O‘zbekfilm” kinostudiyasida keyingi yillarda yaratilgan filmlar taqdimotiga bag‘ishlangan “Zamonaviy o‘zbek kinosi panoramasi” loyihasi, hujjatli kinoga oid “Muhrlangan vaqt” dasturi, xususiy studiyalarda tasvirga olingan “Tomoshabin bilan qadam-baqadam” loyihasi, turli mamlakatlarda ishlangan eng sara qisqa metrajli filmlarga doir “Non-stop” dasturi, Germaniya, Fransiya animatsion filmlarining namoyishi tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
Kinoforumning Yoshlar ijod saroyi, Alisher Navoiy nomidagi Kino saroyi, O‘zbekiston davlat san’at instituti, “Premier-Hall” kinoteatrida bo‘lib o‘tgan rang-barang, yorqin va betakror tadbirlari san’at, ma’naviyat, do‘stlik va hamjihatlik bayramiga aylanib ketdi.
– Kun sayin chiroy ochib borayotgan go‘zal Toshkent shahrida kino, teatr, tasviriy san’at va dizayn, musiqa, zamonaviy xoreografiyaga oid bunday yirik haftalikning o‘tkazilishi tahsinga sazovor, – deydi kinoprodyuser, “Golden Horse” Tayvan kino mukofoti tashkiliy qo‘mitasi prezidenti (Xitoy Taypeyi), kinoprodyuser va rejissor Peggi Chao xonim. – Kinoforumning yuksak saviyada o‘tkazilgani, unda barcha san’at ixlosmandlarining ishtirok etishi uchun sharoit va imkoniyatlarning yaratilgani havas uyg‘otadi. Bularning barchasi Prezident Islom Karimov tomonidan san’at rivojiga ko‘rsatilayotgan ulkan g‘amxo‘rlik va e’tibor, o‘zbek xalqining yuksak ijodiy-intellektual salohiyati, ma’naviyati, bag‘rikengligi va mehmondo‘stligining amaldagi yaqqol ifodasidir.