Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

«AYOL QALBIDAGI MUSIQA» hujjatli filmi

Mazkur hujjatli film «O‘zbekkino» Milliy agentligi buyurtmasiga asosan «Hulkar film» studiyasida yurtimizning go‘zal vodiylarida, xususan bag‘ri yorug‘ ohanglarga to‘la Shahrixon, Asaka, Xonobod, Marhamat, Marg‘ilon, Chimyon, Kumushkon kabi so‘lim go‘shalarida suratga olingan. Film bosh qahramonlari – oddiygina ayollar – munisa va mushfiqa yurtdoshlarimiz, qalbi mehrga to‘la o‘zbekoyimlardir.

«BOLALIK SINOVLARI» badiiy filmi

Mazkur film «O‘zbekkino» Milliy agentligi buyurtmasiga asosan «O‘zbekfilm» kinostudiyasi tomonidan suratga olingan. Film syujeti O‘zbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayevning bir nechta hikoyalari motivlariga asoslangan. Unda o‘smir yoshlar hayoti, ularning orzu-umidlari, ko‘ngil kechinmalari haqida hikoya qilinadi. Kartinada tabiat va inson mavzusiga ham keng o‘rin berilgan.

Ssenariy mualliflari: Mahmud To‘ychiyev, Sayyora Xolmirzayeva, Hamidulla Hasanov 
Postanovkachi rejissyor: Hamidulla Hasanov 
Postanovkachi operatorlar: Xayrulla Hasanov, Baxtiyor Rahmonov 
Postanovkachi rassom: Tohir Hakimov 
Rollarda: Farhod Abdullayev, Boir Xolmirzayev, Dilorom Egamberdiyeva, Yulduz Hamidova, Abdufatxulla Xidoyev, Jasur Usmonov, Nurmuhammad Ibrohimjonov, Barno Mamajonova, Firdavs Ne’matjonov

Filmning premerasi 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni arafasida, 2015 yilning 29 may kuni «Kinochilar uyi» (11:00) va Alisher Navoiy nomli kinosaroyda (18:00) bo‘lib o‘tadi.

«Bolalik sinovlari» badiiy filmi haqida qisqacha 
MA’LUMOT

O'zbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayev o‘zbek adabiyotida badiiy solnoma yaratgan ijodkor. Uning hayot yo‘li, ijodiy faoliyati, badiiy asarlari, jumladan, hikoyalari haqida ko‘plab risola va maqolalar yozilgan. «Sharq» nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi ushbu yozuvchining to‘rt jildlik asarlar to‘plamini nashrdan chiqargan.

«O‘zbekfilm» kinostudiyasi ijodkorlari tomonidan suratga olingan «Bolalik sinovlari» badiiy filmi ham atoqli adib Shukur Xolmirzayevning «Bandi burgut», «Omon ovchining o‘limi», «Oqtosh» va «Chillak o‘yini» hikoyalari asosida yaratilgan. Filmda balog‘at ostonasida turgan o‘smirlarning fe’l-atvori shakllanishida muhim rol o‘ynaydigan voqea-hodisalar tasvirlanadi.

Shahardan ko‘chib kelgan oila farzandi Yo‘ldosh tog‘lik bolalar Bo‘ri, To‘raqul, Sodiq va boshqalar bilan tanishadi. Ammo, ular bilan til topishib ketishi biroz qiyin kechadi. Bolalar o‘rtasida mayda ziddiyatlar bo‘lib o‘tsa-da, pirovard natijada ular do‘stlashib qolishadi.

Sh.Xolmirzayevning «Chillak o‘yini» hikoyasida bolalarning oddiy bir o‘yin tufayli o‘zlari va bir-birlarini anglab yetishlari, tushunishlari va hayotiy nuqtai nazarga ega bo‘lishlari xususida hikoya qilinadi. «Oqtosh» hikoyasida esa bolalar suvga tashlagan toshni olib chiqishlari tasvirlanadi. Ushbu voqealarni bog‘lovchi xalqa «Bandi burgut» hikoyasidir. Kunlarning birida havo aynib, momoqaldiroq chaqib, jala quyib turgan vaqtda bolalar yaralangan burgutni tutib olishadi. Bolalarga xos o‘zaro tortishuvdan so‘ng burgutni Yo‘ldosh uyiga olib ketadi. Uning uyida qulay sharoit yaratilgan bo‘lsa-da, burgut ozodlikni qo‘msab yashaydi...

Mazkur film nafaqat o‘zbek bolalari, balki butun dunyo yoshlari uchun muhim bo‘lgan mavzu – ona tabiatga hurmat, sof muhabbat bilan munosabatda bo‘lish haqida hikoya qiladi.

«Ayol qalbidagi musiqa» hujjatli filmi haqida qisqacha 
MA’LUMOT

Ssenariy muallifi: Iroda Dadajonova

Rejissyor: Jamilaxon Pulatova

Operator: To‘lqin Inog‘omov

...Alla, alla, oppog‘im, alla, 
Gul ichida yaprog‘im, alla. 
Qizil gulning butog‘i, alla, 
Onang shuning adog‘i, alla...

Onalar allasi – odamzod yaratgan qo‘shiqlarning ibtidosidir. Bu qo‘shiq insoniyatning so‘zsiz, tarjimasiz mehri ifodasi. Yonma-yon yashayotgan odam bir-birining gapini tushunmasligi mumkin, ammo, ona allasi qayerda yangrashidan qat’i nazar dunyodagi barcha bolalar uchun tushunarlidir. Murg‘akkina go‘dak hali dunyoni anglamay turib, alla ohanglarini anglaydi, shundan ruhi halovat topadi, joni orom oladi...

Iroda Dadajonova, musiqashunos olima, san’atshunoslik fanlari nomzodi, ssenariy muallifi: Allaga e’tibor qiling: tirik an’analarning biri, nomoddiy madaniy merosning nodiri u. Yer yuzidagi barcha xalqlar, barcha madaniyatlarda mavjud. Onalar allasini garchi qog‘ozga tushirmasa-da, asrlar davomida alla aytish to‘xtab qolmagan. Yana, allalashdan boshqa muhim jihati ham bor allaning – go‘dakni O‘Z millati, O‘Z madaniyati, O‘Z ohangiga sozlaydi. Alla orqali bola Ona tilini idroklaydi...

Jamilaxon Pulatova, rejissyor: Alla qo‘shig‘ining eng muhim sehri bu qo‘shiqning onalar muhabbatidan yaralganligida. Necha-necha avlodlar sinovidan o‘tgan, mumtoz momolarimizning bilimi, tajribasi, zehnu zakovati, qalb nazokati, didu zavqidan suv ichgan qo‘shiq bu. Xalq donishmandligining qaymog‘i jamlangan bunda.
Click to listen highlighted text! Powered by GSpeech