Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

«Milliy kinematografiya san’atini rivojlantirish muammolari va istiqboldagi rejalar» mavzuidagi matbuot anjumani uchun
PRESS-RELIZ

2015 yil 30 iyul O‘zbekiston Milliy matbuot markazi

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda adabiyot, ta’lim, madaniyat, san’at va boshqa ijodiy sohalar rivojiga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda. Xususan, Davlatimiz rahbarining milliy kinematografiya san’atini rivojlantirishga qaratilgan 2004 yil 16 martdagi «Kinematografiya sohasida boshqarishni takomillashtirish to‘g‘risida»gi Farmoni hamda Respublika Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 17 martdagi «“O‘zbekkino” Milliy agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarorida bir qator vazifalar belgilab berilgan. Shunga binoan Agentlik uchun 15ta badiiy, 10ta multiplikatsion, 20 qismli hujjatli, ilmiy-ommabop kinofilm, 60 soatlik o‘quv-uslubiy videofilmlar yaratish yillik ishlab chiqarish hajmlari tasdiqlangan.

Ta’kidlash lozim, 2015 yilning birinchi yarim yilligida Respublika bo‘yicha kinotarmoq 1 mln. 472 ming kishiga xizmat ko‘rsatdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 136,7 foizga ko‘p. Aholiga pullik xizmatlar ko‘rsatish hajmi 2014 yilning shu davriga nisbatan 122,8 foiz oshgan.

Hisobot davrida 12 marta Badiiy kengash yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilishlarda 7ta badiiy film, 2ta multiplikatsion film ko‘rigi, 12ta badiiy film ssenariysi muhokamaga qo‘yildi. Agentlik buyurtmasiga asosan ishlab chiqarilgan «Novda», «Bolalik sinovlari», «Hayotda...», «Dilor, dilor... dil va or», «Sotqin», «Shunqorlar», «Ro‘yo» badiiy filmlari hamda «Tulkivoyning tavbasi» va «Sarishtali uy – farishtali uy» multfilmlari qabul qilinib, namoyishiga ruxsat berildi.

Ishchi nomi «Lolaqizg‘aldoq» (“Baron”) (R.Sa’diyev), «So‘nggi pushaymon» (N.Jumayev), «Kuzning bir kuni» (Z.Musoqov), «Toliqqan ko‘ngillar oyga talpinar» (S.Nazarmuhamedov), «Ma’suma» (Yo.To‘ychiyev) nomli badiiy filmlarni suratga olish ishlari boshlab yuborildi. «No‘xat polvon» va «Oqbo‘yin» nomli multfilmlar, «Oyqiz ertagi» (A.Bekturdiyev), «Ustyurtga yo‘l» (A.G‘aniyev), «Ajal jodusi» (H.Nasimov), «Dadil bo‘l, Kamoliddin!» (“Yurakdan his etib”) (E.Hoshimov), «Barakasini bersin» (F.Xudoyberdiyev) badiiy filmlarini suratga olish ishlari davom ettirilmoqda.

Agentlikning 2014-2015 yillarga mo‘ljallangan hujjatli filmlar ishlab chiqarish rejasiga binoan «Zavol bilmas umr», «O‘g‘lonlar», «Ehtirom», «Iz», «Usta», «Agar sen haq bo‘lsang...», «San’atning bebaho xazinasi» kabi hujjatli filmlar ustidagi ishlar nihoyasiga yetkazildi. Hozirda 21ta hujjatli, ilmiy-ommabop va o‘quv filmlarini tayyorlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Joriy yarim yillikda nodavlat studiyalari tomonidan suratga olingan 28ta filmning belgilangan litsenziya talablari va shartlariga mosligi o‘rganib chiqildi hamda 3ta film mazkur talablarga to‘g‘ri kelmaganligi sababli ularning namoyishiga ruxsat berilmadi.

«Keksalarni e’zozlash yili» Davlat dasturi doirasida “Umrboqiy siymolar” va “Zamon va taqdirlar” turkumida taniqli akademik va olimlar, O‘zbekiston xalq rassomlari, O‘zbekiston xalq artistlari kabi shaxslarning hayoti, ilmiy va ijodiy faoliyati haqidagi, jami 10dan ortiq hujjatli filmlarni suratga olish boshlab yuborildi.

«O‘zbekkino» Milliy agentligi xalqaro hamkorlik sohasida ham o‘zining sermahsul faoliyatini davom ettirmoqda. Xususan, 30 aprel – 3 may kunlari Toshkent shahrida, 5-6 may kunlari esa Samarqand shahrida Toshkent shahridagi Gyote instituti bilan hamkorlikda II an’anaviy «Shum bola – 2015» bolalar festivali, 22-31 may kunlari Toshkent shahrida Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi bilan hamkorlikda «Yevropa kinosi festivali» o‘tkazildi. 11 iyun kuni O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi bilan hamkorlikda London shahrida «O‘zbek kinosi kuni» tashkil etilib, unda o‘zbek kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan «Shabnam» filmi namoyish etildi. 20-24 iyun kunlari Filippin xalqaro kinofestivalida «Jahon premeralari» doirasida rejissyor A.Mignarovning «Ota» filmi namoyish etildi. Hozirgacha bir qator badiiy, hujjatli va multplikatsion filmlarimiz AQSh, Germaniya, Xitoy, Rossiya, Avstraliya kabi 10dan ortiq mamlakatlardagi xalqaro kinofestivallarning tashkiliy qo‘mitalariga saralash bosqichi uchun yuborilgan va bu boradagi ishlar davom etmoqda.

Hozirgi kunda «PROlogue» – yosh kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan qisqa metrajli filmlar Respublika festivalini o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy ishlar amalga oshirilmoqda. Festivalni joriy yilning 16-21 noyabr kunlari «Yoshlar haftaligi» doirasida o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Shu bilan birga, sohaning rivojlanishini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida joriy yilning 11 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan “O‘zbekistonda milliy kinematografiya sohasini isloh qilish va yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi” tasdiqlandi. 3ta bo‘lim va 14 banddan iborat chora-tadbirlar rejasi milliy kinematografiya sohasining normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish, sohada faoliyat ko‘rsatayotgan ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning kasb mahoratini oshirish hamda targ‘ibot-tashviqot ishlarini yanada kuchaytirish, milliy kino san’atini rivojlantirishning boshqa yo‘nalishlarini qamrab oladi.

Rejaga ko‘ra, “Kinematografiya to‘g‘risida”gi Qonun va 2016-2020 yillarda tizimni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash bo‘yicha Davlat dasturi loyihalari, kino-video xizmati ko‘rsatish korxonalari uchun yagona chipta xo‘jaligi tizimini yaratish va “O‘zbekfilm” AJni zamonaviy kino ishlab chiqarish kompleksi – kinokonsernga aylantirishga doir bir qator me’yoriy hujjatlar loyihalarini tayyorlash belgilangan.

“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 15 martdagi 72-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqilib, belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritildi. n audiovizual asarlarni ko‘rib chiqib, xulosa beruvchi Ekspertlar guruhi faoliyatini yo‘lga qo‘yishga huquqiy asos yaratiladi. Shu bilan birga, audiovizual asarlarni Davlat ro‘yxatidan o‘tganlik guvohnomasi joriy qilinishi ko‘zda tutilmoqda.
Click to listen highlighted text! Powered by GSpeech